Sana 14:23 / 08.01.2026
Zamonaviy qishloq xo‘jaligi tomon yangi qadam
Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda dehqonchilikka ilmiy asosda, zamonaviy texnika va ilgʻor agrotexnologiyalarni qoʻllagan holda yondashish bugunning eng muhim talablaridan. Tuproq va suv resurslaridan oqilona foydalanish, hosildorlikni oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash yuqori qiymatli bozor topish va unda mustahkam o‘rin egallashga zamin yaratadi. Ana shunday sharoitda fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini kompleks qoʻllab-quvvatlash, tizimli ravishda koʻmaklashish zarurati yuzaga chiqmoqda. Shu maqsadda davlatimiz rahbarining tashabbusi va qarori asosida tashkil etilgan “Uzagrostar xolding” kompaniyasi agrar sohada faoliyat yuritayotgan soha vakillariga tuproq tahlilidan tortib, to milliy brend yaratgan holda mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga chiqarishgacha boʻlgan barcha bosqichlarda muhim tayanch tuzilma sifatida faoliyat olib bormoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi
tegishli qaroriga muvofiq “Uzagrostar xolding” kompaniyasi va uning muassisligida 16 ta ixtisoslashgan kompaniyalar tashkil etildi. Ular tomonidan 71 ta tumanda loyihalar amalga oshirildi. Mazkur hududlarda mavjud ixtisoslashuvni chuqurlashtirish maqsadida 1 000 ta mahalla tanlandi.
Ixtisoslashgan kompaniyalar tomonidan 2025-2026-yillarda qiymati 706 mlrd. soʻmlik 20 ta zamonaviy innovatsion Agrokompleks loyihalari amalga oshiriladi. Bu orqali 1 965 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Aholi tomorqalari va dehqon xoʻjaliklariga arzon va sifatli xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish maqsadida 14 ta ixtisoslashgan kompaniyalar tomonidan uzoq muddatli lizing asosida umumiy qiymati 17,4 mlrd soʻm boʻlgan 65 ta yuqori unumli, zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlar xarid qilindi.
Tijorat banklari tomonidan biriktirilgan tumanlarida yer egalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida alohida kredit mahsulotlari ishlab chiqilib, 100 mlrd soʻm miqdorida kreditlar ajratib berildi.
Ixtisoslashgan kompaniyalar tomonidan xorijiy agronomlar, marketolog va texnologlar bilan xizmat koʻrsatish shartnomalari imzolanib, agrokonsultant sifatida jami 16 nafar, shundan Turkiyadan 6 nafar, Xitoydan 2 nafar, Yaponiya, Belorussiya, Polsha, Serbiya, Tunis, Gollandiya, Fransiya va Eron davlatlaridan 1 nafardan xorijiy mutaxassislar jalb etildi.
Fermer, dehqon xo’jaliklari va tomorqa yer egalarining bilim hamda koʻnikmalarini oshirish maqsadida jami 14 ta “Tomorqa maktabi” tashkil etilib, xorijiy va mahalliy ilg‘or mutaxassislar, olimlar jalb qilingan holda 2 mingdan ortiq fuqaro oʻqitildi.
Ichki va tashqi bozorlar uchun sifatli, xaridorgir mahsulotlar yetishtirishda tuproq va suv tahlili muhim omil hisoblanadi. Shu maqsadda, ixtisoslashgan kompaniyalar mablagʻlari hisobidan 8,9 ming gektar aholi tomorqalari va ijara yerlarida tuproq tahlili olindi. Tahlillar natijalari asosida yer egalariga mutaxassis tavsiyalari berib borildi.
Agrostar kompaniyalar tomonidan aholi tomorqalari va dehqon xoʻjaliklariga sifatli urugʻ va “in-vitro” koʻchatlar yetkazib berishda ilmiy tadqiqot institutlari hamda xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
O‘tgan yilda aholi tomorqalari va dehqon xoʻjaliklariga 446,8 ming dona mevali, uzum va sabzavot koʻchatlari hamda 20 ming tonna urugʻ yetkazib berildi.
Xususan, “Denov – Agro Star” tomonidan Denov, Jarqoʻrgʻon va Qumqoʻrgʻon tumanlaridagi jami 101 ta xonadonga 2,2 ming tup “Meyer” navli limon koʻchatlari yetkazib berildi. Shuningdek, 1 mln tup koʻchat zaxirasi shakllantirildi.
“Bulungʻur-Agro Star” Gollandiyaning “Agrico Co.LTD” kompaniyasidan 2026-yilda ekish uchun dastlabki bosqichda 6 ming tonna sertifikatlangan elita urugʻ olib kelish bo‘yicha shartnoma imzolanib, 2025-yilda ularning 148 tonnasi mamlakatimizga keltirildi hamda aholi va dehqonlarga, kartoshkachilik xoʻjaliklariga ustamasiz narxlarda yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.
12 ta Agrostar tomonidan ixtisoslashgan mahsulotlar uchun jahon talablariga mos zamonaviy brendlar yaratildi.
“Qoʻshrabot mayizi” geografik koʻrsatgich (GI) sifatida hamda “Yangiyoʻl Agrostar” quritilgan pomidori patentlandi.
“Denov Agrostar” tomonidan eksportyorlarga 7 ta GLOBAL G.A.P., 4 ta
ISO-22000 jami 11 ta xalqaro sertifikatlar olishga koʻmaklashildi.
Bugungi kunga qadar Agrostarlar tomonidan jami 7,6 mln. dollarlik fresh va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi. Shundan, “Quva – Agro Star” tomonidan Yaponiyaga 84,4 ming dollarlik uzum va anor, “Angor Agrostar” tomonidan Rossiyaga 43,4 ming dollarlik karam va brokkoli, “Yangiyoʻl Agrostar” tomonidan Italiyaga 192,0 ming dollarlik 48 tonna quritilgan pomidor hamda “Qoʻshrabot Agrostar” tomonidan 1,1 mln dollarlik mayiz mahsulotlari eksport qilindi.
“Uzagrostar Xolding” hamda uning muassisligidagi ixtisoslashgan kompaniyalar tomonidan 2026-yilda ham xalqimiz manfaatiga xizmat qiladigan loyihalarni amalga oshirishni reja qilgan.
Agrostalar tomonidan aholi va dehqonlarga 2026-yil 4,6 mln tup mevali va uzum koʻchatlari, 6,2 tonna poliz, 13,9 tonna ozuqa ekin urugʻlari hamda
6,0 ming tonna kartoshka urugʻlari yetkazib berish ko‘zda tutilmoqda.
Hududlarning tabiiy tuproq iqlim sharoitiga mos boʻlgan, suvsizlik
va kasalliklarga chidamli eksportbop 1 mln tup mevali koʻchatlar hamda 2 tonna sabzavot, 6 ming tonna kartoshka urugʻlarini olib kelish bo‘yicha Gollandiyaning “Agrico Co.LTD”, Turkiyaning “Hektaş Ticaret T.A.Ş”, Yaponiyaning “Sakata Seeds”, Ispaniyaning “Viveros VERON”, Italiyaning “MedHermes” kompaniyalari bilan kelishuvlarga erishilgan.
“Bulungʻur – Agro star” Gollandiyaning “Agrico Co.LTD” kompaniyasidan noyabr-may oylarida import qilinadigan 6 ming tonna urugʻlik kartoshka orqali 2 ming gektar maydonda sifatli mahsulot yetishtirilishi reja qilinmoqda.
“Beruniy – Agro star” tomonidan chorva ozuqa bazasini yaratish orqali aholiga arzon silos mahsulotini yetkazib berish tizimi takomillashtirilgan holda davom ettiriladi.
“Quva – Agro star” tomonidan 15,0 gektar, “Baxmal – Agro star” tomonidan esa 10,0 gektar maydonda koʻchatxona xoʻjaliklari tashkil etiladi. Yillik quvvat umumiy 2,5-3,0 mln tupni tashkil etadi.
“Asaka – Agro star” sabzavot urugʻchiligi boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish uchun ixtisoslashgan tajriba xoʻjaligi tashkil etilib, bu joyda Niderlandiyaning yirik urugʻ yetishtiruvchi kompaniyalari bilan hamkorlikda seleksiya ishlari yoʻlga qoʻyiladi.
Agro starlar tomonidan hududlarda aholiga urugʻ va koʻchatlar yetkazib berishga ixtisoslashgan maxsus doʻkonlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
2026-yilda Agrostarlar tomonidan uzoq muddatli lizing asosida umumiy qiymati 64,1 mlrd soʻm boʻlgan 143 ta zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnika
va agregatlar xarid qilinadi.
Shu bilan birga Agrostarlarda inson omilisiz sunʼiy intellektdan foydalangan holda ishlaydigan jami qiymati 537 ming dollar boʻlgan 7 ta aqlli qishloq xoʻjaligi texnologiyalari xarid qilinadi.
Xulosa qilib aytganda, Davlatimiz rahbari tashabbusi va qarori asosida tashkil etilgan “Uzagrostar Xolding” kompaniyasi tomonidan Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifa va topshiriqlarni o‘z vaqtida hamda sifatli ijro etish maqsadida 2025-yilda tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Ushbu jarayonlarda ilmiy yondashishga alohida e’tibor qaratildi. Agrar sohani rivojlantirishda zamonaviy texnika va ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etishga urg‘u berildi. Natijada qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, mahsulotlar raqobatbardoshligini ta’minlash va aholining farovonligini yuksaltirishga xizmat qiluvchi muhim natijalarga erishilmoqda.
Shuningdek, 2026-yilda ham “Uzagrostar Xolding” kompaniyasi tomonidan xalqimiz manfaatiga qaratilgan, barqaror rivojlanishni ta’minlovchi ko‘plab loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu esa mazkur yo‘nalishdagi ishlarning uzviy davom etishini anglatadi.