news
Germaniyadan olib kelingan “Simmental” zotli naslli qoramollar aholiga ustamasiz narxlarda taqdim qilinadi
“Uzagrostar Holding” muassisligidagi “Navoiy Agro – Star” ixtisoslashgan kompaniyasi tomonidan Navoiy viloyatiga Germaniyaning “Förster Livestock” kompaniyasidan 163 bosh “Simmental” zotli naslli qoramol olib kelindi.
Ushbu zot go‘sht-sut yo‘nalishida mahsuldor, chidamli va turli iqlim sharoitlariga moslashuvchan hisoblanadi.
E’tiborli jihati, mollarning har biri 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan muddatda homilador.
Mazkur qoramollar mamlakatimizga olib kelingach, maxsus tayyorlangan karantin hududiga joylashtirildi.
1 oy mobaynida ular belgilangan tartibda zarur veterinariya ko‘riklari va profilaktik tadbirlardan o‘tkaziladi.
Shuningdek, sentyabr oyida Avstriyaning “Schaap” kompaniyasidan 150 bosh “Simmental” zotiga mansub naslli qoramol mamlakatimizga olib kelinib, 93 boshi aholiga, qolgan qismi esa fermer xo‘jaliklariga ustamasiz narxlarda yetkazib berildi.