news
Nishon tumanidagi 2 500 gektar cho‘l hududda zamonaviy agroloyihalar amalga oshirilmoqda
Iqlim o‘zgarishi, suv taqchilligi, tuproq unumdorligining pasayishi va bozordagi talabning o‘zgarishi bugun qishloq xo‘jaligi oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Endi yerga urug‘ qadab, faqat tajriba va an’anaviy usullarga tayanishning o‘zi yetarli emas.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bugun zamonaviy agrar tarmoqda ham har bir qaror ortida ilm, aniq hisob-kitob va ilg‘or texnologiya turishi kerak. Qaysi ekinni ekish, qachon ekish, qancha suv berish, qanday oziqlantirish va yetishtirilgan mahsulotni qaysi bozorda sotishgacha bo‘lgan jarayonlar ilmiy asoslangan yondashuvni talab etadi.
Chunki endi samaradorlik shunchaki ko‘proq hosil olish bilan emas, balki kamroq resurs sarflab, yuqori sifatli va eksportbop mahsulot yetishtirish bilan o‘lchanmoqda.
Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida aynan shu tamoyillarga asoslangan zamonaviy agroloyihalar amalga oshirilmoqda.
Tumandagi shu paytga qadar samarali foydalanilmay kelgan 2 500 gektar cho‘l hududi o‘zlashtirildi.
Hozirda davlatimiz rahbarining qarori asosida tashkil etilgan “Uzagrostar xolding” va uning muassisligidagi ixtisoslashgan kompaniyalar tomonidan hududda ikkita yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “Qashqadaryo – Agro Star” kompaniyasi tomonidan 1 332 gektar maydonda chorva ozuqasi yetishtirish, “Bulung‘ur – Agro Star” esa mahalliy tadbirkor bilan hamkorlikda 300 gektar yerda urug‘lik kartoshka yetishtirishni yo‘lga qo‘ymoqda.
“Avvalari foydalanishda bo‘lmagan mazkur cho‘l hududlarida agrar loyihalarni yo‘lga qo‘yish, ekin ekib sifatli hosil olish o‘ziga hos, alohida yondashuvni talab etadi. Shu bois, biz barcha jarayonlarni xorijdan jalb qilingan katta tajriba, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar bilan hamkorlikda, ilmiy asosda olib borayapmiz.
Ekinlarni joylashtirishdan tortib, agrotexnik tadbirlarni tashkil etishgacha bo‘lgan jarayonlarda hududning iqlim sharoiti, tuproq tarkibi va namlik darajasigacha barcha omillar chuqur o‘rganildi.
Bu esa zamonaviy agrotexnologiyalarni mahalliy sharoitga moslashtirish va mavjud resurslardan samarali foydalanish imkonini bermoqda.
Loyihalarning yana bir muhim jihati — barcha agrotexnik jarayonlar eng so‘nggi texnologiyalar asosida tashkil etilmoqda.
Mazkur loyihalar orqali nafaqat sifatli va mo‘l hosil olish, balki agrar soha vakillari orasida zamonaviy tajribalarni keng joriy etishni reja qilayapmiz. Ular amalga oshirilayotgan ishlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, guvoh bo‘lishayapti. Bu esa yangicha usullarni tezroq va yaxshiroq o‘zlashtirishlari hamda amaliyotga tadbiq qilishlariga ko‘mak beradi” – deydi, “Uzagrostar xolding” kompaniyasi direktori Fazliddin Muxiddinov.
Urug‘lik kartoshka yetishtirish loyihasi doirasida Gollandiyaning qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyasidan kartoshka urug‘larini avtomatik ekishga mo‘ljallangan zamonaviy texnikalar olib kelindi.
Bundan tashqari, Avstriyaning “BAUER” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan qiymati 7,6 milliard so‘mlik 10 ta zamonaviy pivot usulidagi aylanma sug‘orish tizimi o‘rnatildi.
Misrlik mutaxassis Hany Basiony Alining ta’kidlashicha, pivot usulida aynalma yomg‘irlatib sug‘orish tizimidan agrar soha rivojlangan mamlakatlarda keng qo‘llaniladi. U ayniqsa juda katta maydonlarni sug‘orish uchun ayniqsa qulay. Suv resurslaridan samarali foydalanish, ekin maydonlarini bir maromda sug‘orish hamda hosildorlikni oshirish imkonini beradi. Qolaversa, u orqali o‘g‘it va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini qo‘llash ham oson.
Loyihani suv bilan ta’minlash maqsadida “Nishon” aylanma kanalidan 7 kilometr uzunlikdagi ikki qator quvur tarmog‘i tortildi hamda bitta transformator o‘rnatildi.
Kartoshka oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda alohida ahamiyatga ega bo‘lgan mahsulotlardan biridir. Shu bois kartoshka yetishtirishni ko‘paytirish bilan bir qatorda sifatli urug‘lik bazasini yaratish ham muhim vazifalardan hisoblanadi.
Avvalgi yillarda kartoshkachilik bilan shug‘ullanuvchilar duch kelgan asosiy muammolardan biri urug‘lik masalasi bo‘lgan. Narxlar baland, sifat esa kafolatlanmagan.
Prezidentimizning 2025-yil 8-sentyabrdagi “Kartoshka yetishtirishni ko‘paytirish va urug‘chiligini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishda yangi imkoniyatlarni yaratdi.
Qaror asosida “Bulung‘ur – Agro Star” tomonidan Gollandiyaning “Agrico” kompaniyasidan ertangi mavsum uchun 2 ming tonna, kechki mavsum uchun esa 4 ming tonna elita kartoshka urug‘i olib kelindi.
Esma, Arizona, Alouette, Pradiso, Pikasso, Evalution, Artemis, Ranomi va Agata navlari aholiga ustamasiz narxlarda yetkazib berildi.
Ushbu urug‘larning amaliy samarasi dastlabki natijalardanoq namoyon bo‘ldi. Bulung‘ur tumanining Xo‘jamazgil hududidagi 40 gektar maydonga ekilgan urug‘larning hosili yig‘ib olinmoqda. Bu maydonlarda o‘rtacha hosildorlik gektariga 40–50 tonnani tashkil etdi.
Respublikamizning turli hududlaridagi aholi tomorqalariga ekilgan mazkur urug‘lardan esa 60 tonnagacha hosil olindi.
Kutilganidan ham yuqori natija bergan ushbu sifatli urug‘larning bir qismi endilikda Nishon tumanidagi yangi o‘zlashtirilayotgan maydonlarga ekilmoqda.
Shuningdek, mahalliy tadbirkorlar bilan ham yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xorijiy tajriba, zamonaviy texnologiyalar va mahalliy tadbirkorlik salohiyatining uyg‘unligi hududda yangi loyihalarni qisqa muddatlarda amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Nishon tumanidagi yangi o‘zlashtirilayotgan maydonlarda chorva ozuqasi yetishtirish bo‘yicha ham zamonaviy agrotexnologiyalar joriy etilmoqda.
Hududda beda va makkajo‘xorining serhosil, yangi navlarini yetishtirish rejalashtirilgan. Jumladan, Italiyadan keltirilgan “Emilyana” navli beda, AQSH seleksiyasiga mansub “Pioner” navli makkajo‘xori hamda Hindistondan keltirilgan “Afrika tarig‘i” navlarini ekish ko‘zda tutilmoqda.
Bu loyihalar orqali ilgari samarali foydalanilmagan cho‘l hududlarini qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritish, suv va boshqa resurslardan oqilona foydalanish, chorvachilik uchun sifatli ozuqa bazasini yaratish hamda urug‘lik kartoshka yetishtirish hajmini oshirish maqsad qilingan.
Nishon tumanidagi 2 500 gektar maydonda amalga oshirilayotgan loyihalar, bir tomondan, zamonaviy agrotexnologiyalarning amaliy samarasini namoyon etsa, ikkinchi tomondan, cho‘l hududlarini ham ilm-fan, ilg‘or texnologiyalar va to‘g‘ri boshqaruv asosida yuqori samarali qishloq xo‘jaligi maydonlariga aylantirish mumkinligini ko‘rsatmoqda.